Будем внедрять опыт Финляндии в подготовке учителей

19-Jul-2023 2128

Bugun oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, jahon standartlariga mos mutaxassislarni tayyorlash yo‘lida rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda. Shu maqsadda yurtimizda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlash, malaka va tajriba orttirish yo‘lga qo‘yilyapti.

 

2021-2022 o‘quv yilidan Samarqand davlat universiteti qoshida bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston- Finlandiya pedagogika institute ochildi. Institutda pedagogika, maktabgacha ta’lim, san’atshunoslik, xorijiy tillar, jismoniy madaniyat fakultetlarida maktabgacha ta’lim tashkiloti va umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun tarbiyachi-pedagoglar va o‘qituvchilar tayyorlanmoqda. Hozirgi kunda institutda o‘quv tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha 248 nafar professor-o‘qituvchi, shu jumladan, 6 nafar fan doktori, 53 nafar fan nomzodi hamda 188 nafar o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Institut rahbariyati bakalavr talabalar orasidan ilm-fanga qiziquvchi iqtidorli yoshlarni tanlash, ularni magistraturada o‘qitish hamda doktorantura, izlanuvchi-tadqiqotchi lavozimiga o‘tqazish orqali o‘z ilmiy salohiyatini oshirishga katta e’tibor bermoqda. Hozirgi kunda institutda 220 nafar magistr ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

E’tiborlisi, joriy yilda institutda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, ta’lim yo‘nalishlarining ko‘p sonli o‘quv dasturlarini Finlandiya davlati oliy o‘quv yurti o‘quv dasturlariga moslashtirish masalasi bilan shug‘ullanish maqsadida Xelsinki universiteti professori Xanne Kolli xonim keldi. Finlandiya Bolonya ta’lim modelining barcha prinsiplariga mos yangi qonun qabul qilgan, yagona Yevropa ta’lim makonini yaratishga katta hissa qo‘shgan mamlakat hisoblanadi. Finlandiya oliy o‘quv yurtlarida pedagog kadrlar tayyorlash tizimi oqilona yo‘lga qo‘yilgan, ularni tayyorlovchi pedagogika institutlari va universitetlari mas’uliyatni chuqur his etib, faoliyat ko‘rsatadi. Finlandiya maktablarida o‘quv tarbiya jarayonini tashkil etish va o‘tkazish faqat magistr darajasiga ega bo‘lgan o‘qituvchigaruxsat beriladi. Mamlakatda pedagog kadrlar tayyorlashning mukammal tizimi yaratilgan bo‘lib, oliy o‘quv yurtlari o‘z obro‘-e’tibori, raqobatbardoshligini saqlash uchun maktablarda turli tadbirlar o‘tkazib, o‘quvchilar, bo‘lajak talabalar va ularning oilalalari bilan muloqot o‘rnatadilar. Finlandiya universitetlari bir tomondan, maktab ta’limini takomillashtirsa, ikkinchi tomondan, iqtidorli o‘quvchilarni, ya’ni bo‘lajak talabalarni oldindan tanlab oladi. Shu nuqtai nazardan, pedagogika institutlarida ta’lim-tarbiya jarayonida o‘qitishni kasbiy-pedagogik yo‘naltirilganligi asosida tashkil etib, ularning o‘quv rejalarida ko‘zda tutilgan o‘quv fanlari mavzularini maktabda o‘rgatiladigan predmetlar mavzulari bilan bog‘liq holda o‘rganishni taqozo etadi. Fin professor-o‘qituvchilarining bunday yondashuvini pedagogic oliygohda o‘rganiladigan har bir fan talabalarning kelgusi pedagogic faoliyatiga qo‘yilgan qadam ekanligini ularga muntazam ravishda eslatib turadi. Aytish joizki, mazkur masalada samarqandlik pedagoglar ma’lum ishlanmalarni qo‘lga kiritgan. Faqat ularni fin hamkorlarimiz bilan takomillashtirib, o‘quv-tarbiya jarayoniga tatbiq etishimiz joiz. Finlandiya pedagogika oliy ta’lim tizimi erishgan yutuqlardan yana biri - bu o‘quv rejadagi umumkasbiy fanlarni o‘rganishda modulli ta’lim texnologiyasi, interfaol ta’lim metodlari, pedagogik va axborot kommunikativ texnologiyalaridan o‘z o‘rnida muvaffaqiyatli foydalanganligi bilan bog‘liq deyish mumkin. O‘qituvchi ta’lim sifatini takomillashtirishda lokomotiv ekan, u o‘quvchilar bilan bo‘ladigan turli munosabatlarda o‘ziga xos sifatlarni to‘g‘ri tanlab oladimi? Afsuski, bu sohada ham pedagogika institutlarida o‘quvchilarga xush keladigan, ular tomonidan sharaflanadigan rahmdillik, shirinsuxanlik, bolajonlik, insoniylik, sergaklik, sabrlilik, bilimdonlik, topqirlik kabi sifatlarni bo‘lajak o‘qituvchilarda tarbiyalash e’tibordan chetda qolmoqda. Afsuski, ta’lim tizimidagi o‘qituvchi o‘z fanini bilsa yetarli, degan tushunchadan voz kecha olmayapmiz. Amaldagi o‘quv-tarbiya jarayoni uchun yangi bo‘lgan fin pedagogika oliy ta’lim tizimi asosida bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashni boshlagan ekanmiz, o‘z faoliyatimizda etibordan chetda qolgan og‘ir savollarni fin hamkorlarimiz bilan bartaraf etishga alohida etibor berishimiz lozim. Finlandiya oliy maktablarida bo‘lajak o‘qituvchilar pedagogic texnologiyalarning mazmun-mohiyatini chuqur tushunib, unga amal qiladilar. Natijada ta’lim jarayonining maqsadini to‘g‘ri aniqlash malakasiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, asosiy o‘qitish modellari va shakllarini to‘g‘ri tanlay oladilar va ulardan oqilona foydalanish malakasiga ega bo‘ladilar.

 

Narziqul SHODIYEV, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institute pedagogika fanlari doktori, professor.

Mirzaali FAYZIYEV, pedagogika fakulteti dekani, pedagogika fanlari nomzodi.

 

“Zarafshon” gazetasi – PDF yuklab olish

1