Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimiz bo‘ylab Islom olamining eng ulug‘ ayyomi hisoblangan Ramazon hayitini keng nishonlash arafasida turibmiz. Shu munosabat bilan xayrihohlik, sahovat, mehr-muruvvat bayrami bilan Sizlarni, qolaversa, butun musulmon ahlini samimiy muborakbod etamiz.
Azal-azaldan mehr-shafqat, sabr-qanoat, ezgulik va halimlik xalqimizning qon-qoniga singib ketgan tamoyillardandir. Shu asosda millatimiz shakllanib, rivojlanib kelmoqda. Mamlakatimiz prezidenti tomonidan Islom dinining yurtimiz bo‘ylab erkinligini ta’minlash borasida juda katta islohotlar amalga oshirildi, buning natijasida, endilikda, juda ko‘plab masjidlarda muborak hayit namozlari o‘qiladi. Mana bu esa Ramazon hayiti ayyomining yana-da go‘zal ko‘rinishda o‘tishini ta’minlaydi. Din erkinligi borasida yaratilayotgan imkoniyatlarning ko‘lami juda keng, shu munosabat bilan boshqaruv tizimi mas’ullariga alohida minnatdorchiligimizni izhor etamiz.
Yaratgan tomonidan ato etilgan ne’matlarning qadriga yetish, bir-biriga mehr ila munosabatda bo‘lish, Buyuk qudrat egasining buyurgan amallarini bajarish har bir musulmonning muhim vazifalaridan sanaladi. Qilinadigan har ibodat ortidan mamlakatimizga tinchlik, xotirjamlik, qut-baraka, osoyishta va farovon hayot tilab, duolar qilinadi. Yaxshi amallar ortidan qilingan duo esa, albatta, mustajob bo‘ladi.
Qadrli vatandoshlar, yana bir bor musulmon ahlining eng aziz bayrami hisoblangan Iydul Ramazon barchangizga muborak bo‘lsin. Xonadoningizdan nur, fayz, Allohning rahmati arimasin! Qilgan ibodatlaringiz O‘z dargohida qabul bo‘lsin, yaxshi amallaringiz ortidan barokatlar yog‘ilsin. Yurtimiz har doim tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Shunday muborak lahzalarga yetkizgani uchun Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsin!
Hurmat bilan, Akbar Safarov!
Manzil: Samarqand sh., Spitamen shoh ko‘chasi, 166-uy
Phone: +998954108015
Email: devonxona@uzfi.uz