Barchangizni xalqimiz hayotidagi muhim tarixiy sana 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan muborakbod etaman. Yurtimiz ravnaqi va rivoji, millat taqdirining asosiy belgilovchisi bo‘lgan Bosh Qomusimiz qabul qilinganligining 31 yilligi butun xalqimizga muborak bo‘lsin.
2023-yil qonunchiligimizda oʻziga xos tarixga aylandi. Xususan, bu yilda xalqimizning xohish-istaklari va mustahkam irodasi aks ettirilgan yangi tahrirdagi mamlakat Konstitutsiyasi referendum orqali qabul qilingani muhim voqealardan biri boʻldi. Bundagi eng asosiy jihatlardan biri Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekanligi oliy qonunda belgilangan boʻlsa, taʼlim toʻgʻrisidagi moddalarga kiritilgan yangiliklar mazkur tizimning keyingi rivojlanishini qonunan mustahkamladi.
Konstitutsiya – davlat tuzilishi asoslarini belgilab beruvchi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi muhim hujjat sifatida demokratiyani rivojlantirish, mamlakat barqarorligi va farovonligini ta’minlashning mustahkam asosidir. U birinchi navbatda fuqarolarning munosib hayot kechirishini ta’minlashni maqsad qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari va har bir shaxs faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi, bosh mezon darajasiga olib chiqadi. Shunday ekan, huquq va erkinliklarimizning himoyachisi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz qabul qilingan kun Vatanimiz ahli, Qomusimiz ijodkori bo‘lgan ona xalqimiz taqdirida alohida e’tirofga loyiq sanadir.
Fursatdan foydalanib, sizlarni mazkur ayyom bilan yana bir bor qutlab, oilangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, farovon hayotimizga fayz-baraka tilab qolaman. Musaffo osmonimizga, yurtimiz tinchligi va mustaqilligiga ko‘z tegmasin!
Shahzoda Negmatova,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti rektori
Manzil: Samarqand sh., Spitamen shoh ko‘chasi, 166-uy
Phone: +998954108015
Email: devonxona@uzfi.uz