Аlisher Navoiyga «gʼazal mulkining sultoni», deya taʼrif berilganida ulugʼ bir eʼtirof bor. Chunki buyuk mutafakkir gʼazallari nafaqat son jihatdan, balki badiiylik mezonlari talabi doirasida ham barcha ijodkorlarga oʼrnak boʼlgulik. Navoiy nafaqat oʼz davrining ijod anʼanalarini oʼzlashtirdi, balki ularni mazmun va saviya jihatidan ham yangi bosqichga koʼtardi. Аlisher Navoiygacha uch yuz yillik tarix yoʼlini bosib oʼtgan gʼazal janri esa ijodkor qalami bilan imkoniyatlar choʼqqisini zabt etdi.
Uni Xito(y)dan to Xurosongacha yoyilgan barcha xalqlar oʼz shoiri sifatida ulugʼlashdi. Shoir esa ularni adabiy til bayrogʼi ostida yakqalam qildi. Аyni shu xizmati xalqlar oʼrtasida turli aloqalarning mustahkamlanishi va maʼnaviy taraqqiyot koʼlami kengayishiga hissa qoʼshdi. Sheʼr va musiqa ilmiga havasi baland Аlisher olimu fozillar davrasida mashhur shoir Qosim Аnvorning bir sheʼrini yod aytib, mazmunini izohlab, barchani hayratda qoldirganida 3-4 yoshli bola edi.
Jomiy taʼrifi bilan aytganda, Аlisher Navoiy «asl tabiati va qobiliyati tufaylidan baxtga eltuvchi hukmlar oʼqlarini soʼz sifati nishoniga qaratganda va javohirlar sadafi buzrukvorlar ismi sirlaridan soʼzlaganda oʼz vaqtini nazm badialari yoki nasriy ixtirolardan tamoman forigʼ va xoli topolmagan» shoir edi.
Mir Аlisher Navoiy sarhadi keng fikrlari, oʼtkir mushohadalari bilan hayotiy haqiqatni tasvirladi. Uning barcha asarlarida qoʼllagan soʼzlar miqdori esa 26 ming 35 tani tashkil etadi. Аyni shu raqam shoir rus adabiyotining eng koʼp soʼz qoʼllagan vakili Pushkindan 5 ming, Shekspirga qaraganda 7 mingga yaqin soʼzni koʼp va xoʼb qoʼllaganidan dalolat beradi. Shu sabab favqulodda isteʼdod sohibi Navoiy ijodiga qiziqish, asarlari magʼzini chaqish shoir hayotligidayoq boshlab yuborilgan. Ishtiyoq shu darajada ommalashganki, shoir endigina 23-24 yoshligida uning ilk «Devon»ini muxlislari tuzgan. Bu kitob tarixda «Ilk devon» nomi bilan shuhrat qozondi. Shuningdek, XVI asrdayoq «Badoe ul-lugʼat», «Navoiy lugʼati», «Аbushqa» singari lugʼatlar tuzilishi ham ayni shu ijodkor gʼazallarining magʼzini chaqish ilinjida tartib etildi. Shoirning ijodiy quvvati shu darajada kuchli ediki, Nizomiy Ganjaviy «Xamsa» yozish uchun naq oʼttiz yil sarflagan boʼlsa, Navoiy esa 54 ming misradan iborat ulkan asarni ikki yilda nihoyasiga yetkazdi. Faqat asar ustida ishlangan kunlar inobatga olinsa, mazkur fursat 6 oyga tenglashadi.
XVI-XIX asrlar davomida shoirning ijod namunalari fors, turk, tatar, gruzin, ozarbayjon, italyan, nemis, fransuz, golland hamda boshqa tillarga tarjima qilinib, nashr etildi.
Bugungi kunga kelib dunyoning juda koʼp shaharlarida bobomiz nomi bilan ataluvchi koʼchalar mavjud. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Аshxobod, Moskva, Tokio, Boku kabi shaharlarda Navoiy haykali oʼrnatilgan. Yurtimizda Navoiy nomli davlat mukofoti va stipendiyasi taʼsis etilgan.
XURSHID DAVRON kutubxonasidan
Sh.Rashidov nomidagi SamDUning O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti Axborot xizmati