Kitob – hayot hikmatlarini o‘rgatuvchi javohirlar sandig‘i. U orqali ota-onaga, Vatanga mehr-muhabbat, sadoqat kabi xislatlar kishi ong-u shuuriga singib boradi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirish borasidagi harakatlar doirasida yozuvchi hamda shoirlarning ijod namunalarini tadqiq etish, keng jamoatchilikka yetkazish, ularda mujassam barcha tilsimotdan bahramand etish jadallashmoqda. Buning isboti o‘laroq, bugun A.S.Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida o'zbek va turk mamlakatlarida faoliyat olib boradigan, asli o‘zbek farzandi bo‘lgan tarjimon olima Zamira Hamidova O‘zturk tomonidan taniqli o‘zbek yozuvchisi Oybekning “Qutlug‘ qon” romani turk tiliga tarjima qilinganligi munosabati bilan kitob taqdimoti tadbiri tashkil etildi.
Taqdimot O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti hamda A.S.Pushkin nomidagi Samarqand axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda, institut rektori, professor Shaxzoda Negmatova, Filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi a’zolari, ijodkorlar va kitobsevar yoshlar ishtirok etishdi. Muallifning o‘zi ham mazkur tadbirning mehmoni sifatida ishtirok etib, kitobning tarjima qilinishi bilan bog‘liq hayotiy ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Zamira O‘zturk xonimning bosib o‘tgan mashaqqatli hayot yo‘llari, tahsil olish davridagi xotiralari, unga bilim bergan ustozlari va tarjimashunoslik sohasida erishgan yutuqlari tadbir qatnashchilari tomonidan qiziqish ila tinglandi. Shuningdek, “Qutlug‘ qon” romanining o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, undagi voqeliklar, qiyin davrlarni boshdan kechirgan qahramonlar qismati va ayniqsa, asarning o‘quvchiga eng sodda, o‘zbekona qadriyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan holda yetkazib berilganligi haqida tadbirda so‘z olganlar tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi.
Aytish mumkinki, bunday tadbirlarning ko'proq tashkil etilishi barcha kitobsevarlar uchun juda katta ma'naviy ozuqa vazifasini bajaradi. Shu asnoda barchada yangidan-yangi g'oyalar, o'ziga ishonch ortgan holda, milliy-ma'naviy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat tuyg'ularining mavj urishiga zamin yaraladi. Qiziqarli savol-javoblarning uzoq davom etganligi uchrashuvning jo‘shqin, samimiy va manfaatli bo‘lganligidan dalolat. Tadbir so‘ngida institut tomonidan mehmon uchun atalgan esdalik sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Axborot xizmati
Manzil: Samarqand sh., Spitamen shoh ko‘chasi, 166-uy
Phone: +998954108015
Email: devonxona@uzfi.uz