Dunyo mezoni ma’rifat tomonga tosh bosmoqda. Buni ilg’agan xalqlar yoshlarini yanada o’qimishli, hunarli, global dunyoda o’z o’rnini komillik bilan topishlari uchun qo’llab-quvvatlamoqdalar. Zero, yoshlar taqdiri – millat taqdiri, yoshlarning tiniq tafakkuri – ma’rifatli jamiyatning zalvorli ziyosidir. Shuning uchun ham respublikamizda bugun, yoshlar ta'lim va tarbiyasi davlat siyosatining dolzarb masalalaridan biriga aylanganligi hech kimga sir emas. Sababki, O'zbekiston Respublikasi aholisining 60 foizidan ko'prog'ini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha ijobiy o'zgarishlar zamirida har tomonlama barkamol, jismonan sog'lom, aqlan yetuk, nafaqat ko'plab bilimlarni, balki hozirgi davrda talab katta bo'lgan kasb-hunarlarni egallagan, ayni paytda, mustaqil va ijodiy fikrlashga qodir, intellektual salohiyati yuksak yosh avlod to'g'risida g'amxo'rlik qilishdek ustuvor maqsad mujassam ekanligi tabiiydir.

2021-yil 19-noyabr kuni SamDU O'zbekiston -Finlandiya Pedagogika Instituti Pedagogika fakulteti boshlang'ich ta'lim yo'nalishi talabalari bilan birgalikda, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy taqdiqot markazi direktori bosh maslahatchisi prof. B.O. To'rayev, markazning zukko hamda oqil xodimlari: J.Jumayev, B. Mahmudov, SamDU O'zbekiston - Finlandiya pedagogika instituti yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Z.Mo'minova, Pedagogika fakulteti dekani A. Aymatov, yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosari M.Xolmurodovlar hamkorligida "Jaholatga qarshi ma'rifat" bosh g'oyasi asosida "Buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo'laylik" mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirni Institutning Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari Z.Mo'minova ochib berdi.

"Insonning inson ekanligi, uning ma'naviy-axloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi. Ma'naviy-axloqiy inson ota-onasi, qarindoshlari, xullas, butun oila a'zolari, qo'ni-qo'shnilari, qishloqdoshlari va butun mamlakat xalq farovonligi haqida qayg'uradi. Umuman olganda, O'zbekistonda jamiyatni tubdan yangi demokratik asoslarda qurish va uni har tomonlama rivojlantirish xalqning dunyoqarashi, ayniqsa yoshlarning salohiyati, ma'naviyati bilan bevosita bog'liqdir " - deb tadbirda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy Xalqaro Ilmiy tadqiqot markazi direktori bosh maslahatchisi prof. B.O.To'rayev ta'kidlab o'tdi. Nurga to’la tadbir davomida talabalar o'zlari uchun zarur bo'lgan o’gitlarni olishdi, hikmatlar mazmuniga qoyil qolishdi, eng muhimi o’q ildizimizning tub tomirlaridan bo’lgan islomiy merosimizning adolatli, nurafshon, oqibatli, himmatli, charag’on, umumbashariy birdamlikka, hamkorlikka, ilm-u ma’rifatga, ogohlik-u hushyorlikka, dil xotirjamligi, qalb malhami - ma’naviyatga chorlovchi va’zlardan bobomeros xulosalarni chiqarishdi. Zero, Imom Buxoriy ziyoga tashnalarni da’vat etganidek: “Ilmdan boshqa najot yo’q va bo’lmag’ay!”…
