TALABALAR TURAR JOYIDA REKTOR VA TALABALAR UCHRASHUVI BO‘LIB O‘TDI

25-Jan-2023 2507

Institut rektori Akbar Safarov talabalar turar joyida yashovchi talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda institut rahbari tomonidan zamonaviy ta’lim, pedagogika sohasini rivojlantirish eng dolzarb masalalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Bunda bo‘lg‘usi pedagoglarning chet tilini bilishi va zamonaviy pedagogik texnologiyalardan mohirona foydalana olishi ko‘nikmasi shakllangan bo‘lishi zarurligi uqtirildi.

Shundan so‘ng, talabalar turli yoʻnalishlar va sohalar boʻyicha muammolarni hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarni rektor eʼtiboriga havola etdilar, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, oʻquv jarayonini yaxshilash boʻyicha takliflarini oʻrtaga tashladilar.

Bir qator muammolar uchrashuv davomida oʻz yechimini topdi, ba’zilarini bartaraf etish boʻyicha tegishli mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.

Talabalar turar joylarida qo‘shimcha dars xonalari tashkil etish, chet tilidan to‘garak darslarini yanada ko‘paytirish, o‘quv xonalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga doir vazifalar belgilandi.

Mazkur uchrashuvda talabalar tashabbusi bilan tashkil etilgan badiiy chiqishlar, milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar, yosh shoir va shoiralar tomonidan tayyorlangan she’riyat kechasi barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida Akbar Safarov tadbirda faol ishtirok etgan eng faol va iqtidorli talabalarga badiiy kitoblar topshirdi. O‘z navbatida, talabalar ham ushbu tashrifdan juda minnatdor ekanligini, berilayatgan imkoniyatlar va qilinayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, kelgusida munosib pedagogik kadrlar bo‘lishini ishonch bilan ta’kidlashdilar.

 

 

Axborot xizmati

1