Sport to‘garaklarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

10-Feb-2023 1597

Bugun, O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida 10 dan ortiq  sport to‘garaklarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institut rektori A.Safarov, prorektorlar, professor-o‘qituvchilar, mahalla faollari, maktab direktorlari, turli jamoat va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sportchilarga yo‘llagan tabrigi bilan boshlandi.

Shundan so‘ng, institut rektori A.Safarov so‘zga chiqib, tadbir qatnashchilariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar birinchi navbatda xalq turmush farovonligini yuksaltirishga, yoshlarni sog‘lom turmush ko‘nikmalarini shakllantirishga, ularni band qilishga, vaqtlarini samarali o‘tkazishga  qaratilganligini ta’kidladi hamda institut tomonidan  yangi tashkil etilgan mazkur to‘garak ishtirokchilari va murabbiylaridan yuqori natijalar kutib qolishini bildirdi.

Mazkur ochilish marosimiga yig‘ilganlar, institutning sport sohasida yuqori natijalariga erishgan professor-o‘qituvchilarining  “Ilm-fan iftixori” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarni mukofotlash jarayonini tomosha qilishdi. Nishon va esdalik sovg‘alar shaxsan rektor tomonidan o‘z egalariga taqdim etildi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng tadbirning asosiy qismi, ochilish marosimi belgisi bo‘lgan lentalarni  A.Safarov va professor J.Eshnazarovlar tantanali ravishda kesdilar.

Sport turlari uchun ajratilgan sport zallari va maxsus to‘garak xonalari kelganlar e’tiboriga havola etildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan shaxmat doskalari bilan jihozlangan maxsus to‘garak xonasi, stol tennisi uchun maxsus sport zal, kurash sport turiga ajratilgan zal va so‘ngida voleybol sport turi uchun belgilangan sport zallari ko‘zdan kechirildi.

Har bir sport to‘garagi o‘tkaziladigan sport zallariga tashrif buyurilar ekan, tadbir qatnashchilarining ko‘zlari quvonchga to‘ldi va bu yerda shug‘ullanayotgan yoshlarga birma bir o‘zlarining eng ezgu tilaklarini izhor etishdi hamda kelajakda chempionlar yetishib chiqishiga ishonishini bildirishdi.

 

Axborot xizmati

 

 

 

 

 

 

 

1