Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq

02-Dec-2021 2812

     SamDU O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti faollar zalida "Korrupsiya rivojlanishimizga to‘siq" mavzusida tadbir bo'lib o'tdi. Ushbu tadbirda SamDU O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti direktori A.X.Begmatov, viloyat Adliya boshqarmasi xodimi X.Mamatov, Samarqand viloyati Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) boshqarmasi xodimi  A.Hikmatullayev hamda Institut Korrupsiyaga qarshi kurashish "Komplaens nazorat" tizimini boshqarish bo'lim boshlig‘i G'.Yakubov ishtirok etdilar. Yig'ilishni institut direktori A.X.Begmatov ochib berib, korrupsiya demokratik jarayonlarning amalga oshishiga to'sqinlik qilishi, huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazishi, kadrlar sifatining pasayishi va oqibatda barcha sohalarning oqsashiga, jinoyatchilikning ildiz otishiga, ijtimoiy - siyosiy  beqarorlikka sabab bo'lishi haqida atroflicha tushuncha berdi.


   Shundan so‘ng talabalarga "Ta‘limda ta‘magirlik" mavzusida videorolik qo'yib berildi. Ushbu videorolikda institut va universitetlarga korrupsion yo‘l bilan o'qishga kiritib qo'yish bilan bog'liq holatlar to‘g‘risida bo'lib o'tgan voqealar talabalarning e'tiboriga havola etildi.


   Yig'ilishda Samarqand viloyati DXX boshqarmasi xodimi A.Hikmatullayev va viloyat Adliya boshqarmasi xodimi X.Mamatovlar tomonidan ham korrupsiya va uning kelib chiqish sabablari hamda sodir bo'lgan holatlar haqida batafsil tushuncha va ma'lumotlar berildi. Korrupsion holatlar eng past bo'lgan davlatlar qatoriga Yangi Zelandiya, Daniya, Finlandiya, Singapur, Norvegiya kabi davlatlar kirish haqida ham aytib o‘tildi.
Bu borada yurtimizda ham ko'pgina islohatlar olib
borilmoqda. 2017-yil 3-yanvarda "Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha qonun" qabul qilindi. Statistikaga ko‘ra O'zbekiston dunyoda 2015-yilda 180-o‘rin, 2019-yilda 158-o‘rin va 2020-yilda esa bu ko'rsatkich 126-o‘ringa tushganligi albatta quvonarli holat. Ushbu ko'rsatkichni nolga teng qilganimizda O'zbekiston haqiqiy yuksalish darajasiga yetadi - dedi Institut "Korrupsiyaga qarshi kurashish "Komplaens nazorat" tizimini boshqarish bo‘lim boshlig'i G'.Yakubov.
Muxtasar qilib aytganda, korrupsiya- taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug'diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarnigina emas barchamizning oliy burchimiz bo'lishi zarur. Butun bir jamiyat birlashsagina, biz ushbu xavfni bartaraf etishimiz mumkin.

1